Eng yaxshi loyihalar aniqlandi
31.08.2017
Mamlakatimizda muborak Qurbon hayiti keng nishonlanmoqda
02.09.2017

Zamonaviy istirohat bog‘i ishga tushdi

Eng ulug‘, eng aziz ayyom – Vatanimiz mustaqilligining 26 yillik bayrami arafasida Nukus shahrida Amir Temur nomidagi madaniyat va istirohat bog‘i qayta rekonstruksiya qilinib, foydalanishga topshirildi

Shu munosabat bilan o‘tkazilgan tadbirda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisi Q.Sariyev va boshqalar xalqimiz turmush farovonligini yuksaltirish, madaniyat va istirohat bog‘lari faoliyatini zamon talablari asosida takomillashtirish, aholining mazmunli hordiq chiqarishini ta’minlash borasida izchil ishlar amalga oshirilayotganini ta’kidladi. Bunday ezgu ishlar yangidan barpo etilayotgan va mavjudlari ta’mirlanib qayta tiklanayotgan madaniyat va istirohat bog‘larining yanada ko‘rkam va fayzli bo‘lishiga xizmat qilmoqda.

10 gektar maydonni egallagan mazkur madaniyat va istirohat bog‘i ham keng ko‘lamli qurilish-ta’mirlash va obodonlashtirish ishlari tufayli butunlay yangicha qiyofa kasb etdi, bu yerga xorijdan zamonaviy attraksionlar keltirib o‘rnatildi.

– Bog‘imizda aholining hordiq chiqarishi uchun 20 ming kvadrat metr joyga yashil chim yotqizib, suv purkagichlar o‘rnatdik, – deydi “Davlatnazar oromgohi” mas’uliyati cheklangan jamiyati rahbari H.Sultonov. – Xiyobonlarga turfa gullar ekilib, o‘rindiqlar qo‘yildi. Ayniqsa, bog‘ o‘rtasida favvora barpo etilganidan aholi mamnun. Kelgusida bog‘ chekkasida sport maydonchalari barpo etish rejalashtirilgan.

Yurtimizda Mustaqillik bayrami shukuhi kezib yurgan shu kunlarda Shumanay va Qorao‘zak tumanlarida ham ana shunday madaniyat va istirohat bog‘lari foydalanishga topshirildi.

 Manba: www.uza.uz