Mangulik ko‘chasi foydalanishga topshirildi
31.08.2017
Zamonaviy istirohat bog‘i ishga tushdi
31.08.2017

Eng yaxshi loyihalar aniqlandi

Bobur nomidagi Andijon viloyati musiqali drama va komediya teatrida “Tadbirkor qizning eng yaxshi loyihasi – 2017” tanlovining viloyat bosqichi bo‘lib o‘tdi.

Viloyat xotin-qizlar qo‘mitasi, O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki viloyat bosh boshqarmasi, viloyat o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi boshqarmasi, O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi viloyat hududiy boshqarmasi hamkorligida 2017-2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasida belgilangan vazifalar hamda “Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili” Davlat dasturi ijrosi doirasida o‘tkazilgan tanlovda 48 nafar yosh tadbirkor qiz o‘z biznes loyihasi bilan ishtirok etdi.

– Tanlovdan ko‘zlangan maqsad qizlarimizning tadbirkorlik borasidagi iste’dod va salohiyatini yuzaga chiqarish, istiqbolli loyihalarini moliyaviy qo‘llab-quvvatlash, yangi ish o‘rinlari yaratishdir, – deydi viloyat o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi boshqarmasi boshlig‘i F.Buzrukov. – Joriy yilda viloyatdagi 117 kasb-hunar kollejini bitirgan 20 ming qizning 2 ming 870 nafari tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanish istagini bildirgan. Kollejlar qoshida tashkil etilgan bitiruvchi qizlarning bandligini ta’minlashga ko‘maklashuvchi shtablar a’zolari ular bilan suhbatlar o‘tkazdi. Taqdim etilgan biznes-rejalar o‘rganilib, 2 ming 273 nafar qizning loyihasi saralab olindi. Mutasaddi tashkilotlar tomonidan ular ishtirokida kredit olish, biznes yuritish, bank bilan munosabat, soliq imtiyozlari mavzularida 500 dan ziyod seminar o‘tkazildi.

“Ishlab chiqarish borasida eng yaxshi tadbirkor qiz” yo‘nalishida Paxtaobod qishloq xo‘jaligi kasb-hunar kolleji bitiruvchisi F.Qahramonova, Marhamat qishloq xo‘jaligi kasb-hunar kolleji bitiruvchisi M.Rayimjonova, “Servis sohasida eng yaxshi tadbirkor qiz” yo‘nalishida Baliqchi iqtisodiyot kasb-hunar kolleji bitiruvchisi Sh.Mamatkarimova, Baliqchi qishloq xo‘jaligi kasb-hunar kolleji bitiruvchisi G.Karimova, “Qishloq xo‘jaligi sohasidagi eng yaxshi tadbirkor qiz” yo‘nalishida Marhamat agrosanoat kasb-hunar kolleji bitiruvchisi M.Yusupova, Andijon sanoat va transport kasb-hunar kolleji bitiruvchisi S.Tursunova g‘olib deb topilib, tanlovning mamlakat bosqichida qatnashish huquqini qo‘lga kiritdi.

42 nafar ishtirokchiga Markaziy bank viloyat bosh boshqarmasi tomonidan imtiyozli kredit ajratilishini kafolatlovchi sertifikatlar topshirildi.

 Manba: www.uza.uz