Olam uzra yangrayver, «Sharq taronalari» ​
31.08.2017
Eng yaxshi loyihalar aniqlandi
31.08.2017

Mangulik ko‘chasi foydalanishga topshirildi

Andijon shahrida Vatanimiz mustaqilligining 26-yilligi arafasida yangidan barpo etilgan Mangulik ko‘chasi foydalanishga topshirildi.

Shu munosabat bilan o‘tkazilgan tadbirda hududlarda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli bunyodkorlik va obodonlashtirish ishlari mamlakatimiz taraqqiyoti, xalqimiz farovonligini yuksaltirishga xizmat qilayotgani ta’kidlandi.

Andijon viloyatida ham shaharu qishloqlar, ko‘cha va xiyobonlar zamonaviy qiyofa kasb etib, odamlarning turmushini, mehnatga, hayotga munosabatini o‘zgartirmoqda. Hududda ayni paytda 126 katta-kichik obyekt birin-ketin foydalanishga topshirilayotgani eng ulug‘, eng aziz bayram oldidan viloyat ahliga munosib tuhfa bo‘lmoqda.

Kengligi 32, uzunligi 700 metrdan ziyod bo‘lgan Mangulik ko‘chasi atigi ikki oyda Andijon shahridagi “Samandar shijoati” mas’uliyati cheklangan jamiyati bunyodkorlari tomonidan qurilib, foydalanishga topshirildi.

– Qurilish-ta’mirlash, obodonlashtirish ishlariga 2 milliard so‘mdan ziyod mablag‘ sarflandi, – deydi korxona rahbari S.Sayfuddinov. – Ko‘chaning ikki yonidagi yo‘lakchalarga bruschatkalar yotqizildi, turli gul va yashil maysalar ekildi, zamonaviy shaharsozlik andozalari asosida yoritgichlar o‘rnatildi. Bu ko‘chaning tunda ham charog‘on va chiroyli ko‘rinishini ta’minlaydi.

Ko‘chaning ochilishi xalq sayliga aylanib ketdi. Savdo yarmarkalari, yosh rassomlar ko‘rgazmasi, sportchi yoshlarning chiqishlari, taniqli san’atkorlar, badiiy jamoalar tomonidan namoyish etilgan konsert dasturi barchaga bayramona kayfiyat bag‘ishladi.

– Yoshim 70 dan oshdi, – deydi Andijon shahrida yashovchi mehnat faxriysi Mahbuba Muzaffarova. – Ochig‘i, keyingi paytlarda shahrimizda ro‘y berayotgan o‘zgarishlardan, bunyodkorlik ishlaridan aqlim shoshib qolyapti. Har qadamda yangi qurilish. Qisqa muddatda barpo etilayotgan bir-biridan chiroyli ko‘chalar, binolarni ko‘rib, shunday tinch va farovon yurtda yashayotganimdan ko‘nglim faxrga to‘lmoqda.

Tadbirda Andijon viloyati hokimi Sh.Abdurahmonov so‘zga chiqdi.

 Manba: www.uza.uz