Butun dunyo ibrat olsa arzigulik madaniyat
28.08.2017
Shavkat Mirziyoyev Samarqandga tashrifini Islom Karimov qabrini ziyorat qilishdan boshladi
28.08.2017

“Sharq taronalari” – milliy an’analar namoyishi

“Sharq taronalari” XI xalqaro musiqa festivali doirasida o‘tkazilgan “Sharq xalqlari musiqa madaniyatida milliy an’analarning shakllanishi va rivojlanishi” mavzusidagi xalqaro ilmiy-nazariy konferensiyada bu fikr qayta-qayta ta’kidlandi.

Anjumanning 27-avgust kuni o‘tkazilgan majlisi “Nazariya va amaliyot” deb nomlanib, unda Markaziy Osiyo milliy musiqa an’analari, xalq cholg‘u ijrochiligida bag‘rikenglik tamoyillari, o‘zbek va polyak xalqlari musiqa folklorining umumiy va o‘ziga xos jihatlari, Tojikiston, Qirg‘iziston, Latviya milliy musiqasi va ularning bugungi ko‘rinishlari xususida ma’ruzalar tinglandi. Shimoliy Hindiston musiqa madaniyatida fors musiqasi tamoyillari, Koreya yarim orolida shaman musiqasi, mumtoz xonandalikda ustoz-shogird an’analari haqidagi chiqishlar ham ishtirokchilarda katta qiziqish uyg‘otdi.

– Musiqa san’atida milliy an’analarni asrash va davom ettirish bugungi kunning dolzarb masalalaridandir, – deydi Riga Symphony vokal musiqasi xalqaro tanlovi prezidenti Yelena Shvilpe (Latviya). – Albatta, har bir xalq bunga intiladi. Bu maqsadga erishish uchun san’at olamiga kirib kelayotgan yoshlarga zarur bilim berish bilan birga, ular o‘rtasida turli tanlovlar o‘tkazish ham katta ahamiyatga ega. 2012-yildan buyon har yili dekabr oyida Latviyada Riga Symphony xalqaro tanlovi o‘tkaziladi. Ushbu tadbirda asosan yoshlar qatnashadi va milliy kuy-qo‘shiqlarini ijro etadi. O‘tgan yilgi tanlovda 35 davlatdan ishtirokchilar o‘z san’atini namoyish etdi. O‘zbekiston yoshlari ham tanlovda faol qatnashib, yuqori natijalarga erishib kelmoqda. Biz “Sharq taronalari” xalqaro musiqa festivalini kuzatib, tanlovimizni yanada takomillashtirish bo‘yicha ko‘p foydali jihatlarni o‘rgandik. Kelgusida bu boradagi hamkorlikni yanada kengaytirmoqchimiz.

6.JPGAnjumanda mamlakatimiz hamda xorijlik musiqachi va san’atshunos olimlar tomonidan milliy musiqa an’analari, ijrochilik yo‘nalishlari bo‘yicha taqdimotlar, mahorat saboqlari o‘tkazildi. O‘zbek milliy cholg‘u asboblarining o‘ziga xos xususiyatlari yuzasidan amaliy mashg‘ulotlar tashkil etildi.

–Festival doirasidagi anjuman dunyo xalqlari, jumladan, Sharq xalqlari milliy musiqa merosini o‘rganish, ularni keng targ‘ib etishga xizmat qiladi, – deydi O‘zbekiston davlat konservatoriyasi professori R.Abdullayev. – Ikki kunlik konferensiya davomida 20 ga yaqin davlatdan kelgan mutaxassislar va yurtimiz olimlarining ko‘plab ma’ruzalari tinlangdi. Har bir ma’ruza bo‘yicha qizg‘in bahs-munozara, savol-javoblar bo‘ldi, o‘zaro tajriba almashildi.

Qaysi xalq yo millat bo‘lishidan qat’i nazar, o‘z milliy musiqa madaniyati an’nalarini asrashi va ularni davom ettirishi, zamonaviy musiqiy yo‘nalishlarda rivojlantirishi zarur – xalqaro ilmiy anjumanning asosiy xulosasi shunday bo‘ldi.

Manba: www.uza.uz