Qo`mitaning navbatdagi yig`ilishi
21.07.2017
Xonobod shahrida do‘stlik uchrashuvi
10.08.2017

BUNDAY YURTNI QAYDAN TOPASAN…

Odamlarining yuzu ko‘zidan mehr nuri yog‘ilib turgan, chumoliga ham ozor berishni o‘ziga ep ko‘rmaydigan, odamiylikni, mehr-oqibatni, vafoyu sadoqatni oliy qadriyat, deb biladigan, oriyati osmonlardanda baland bo‘lgan bizning Yurtimiz bu olamda yakkayu yagonadir.
Biz yurtimizning eng go‘zal go‘shalaridan biri bo‘lmish Andijon viloyati bo‘ylab safarda yurar ekanmiz, shaharu qishloqlarning ko‘rkam jamoliyu turli millatga mansub yurtdoshlarimizning qalblarida  jo‘sh urib turgan g‘urur va iftixor tuyg‘ularini  ko‘rib boshimiz osmonlarga yetdi.
Har biri o‘z xonadonlaridan boshlab, mahallasini,  qishlog‘ini, ko‘chalariyu guzarlarini yanada obod qilish ishqi bilan yonib yashayotgan ko‘p millatli viloyat ahlining tashabbuskorlik, bunyodkorlik kayfiyati, ulardagi ko‘tarinki, bayramona ruhni ko‘rib “Obodlik eng avvalo ko‘ngillardan boshlanadi” – degan  fikr ayni hayot xaqiqatining yorqin ifodasi ekanligiga yana bir bor amin bo‘ldik.
Shu yilning 27 iyulidan 13 avgustigacha viloyatning barcha tumanlari va yirik shaharlarida “Fidoying bo‘lgaymiz seni, o‘zbekiston!”shiori ostida O‘zbekiston mustaqilligining 26 yilligiga bag‘ishlangan bayram tadbirlari o‘tkazilishi rejalashtirilgan bo‘lib, mazkur tadbirlar doirasida Andijon viloyat hokimligi, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Millatlaaro munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan do‘stlik aloqalari qo‘mitasi hamda  Xotin-qizlar qo‘mitasi, Yoshlar ittifoqi,“Mahalla” jamoat fondi, Madaniyat vazirligi, Nuroniy jamg‘armasi kabi respublika tashkilotlarining viloyat bo‘limlari hamkorligida “Qudratimiz – birlik va hamjixatlikda”, “Shu aziz Vatan barchamizniki”, “O‘zbekiston – yagona vatan” mavzularida do‘stlik uchrashuvlari va ochiq muloqotlar bo‘lib o‘tmoqda.
Mazkur bayram oldi tantanalarida faol ishtirok etayotgan joylardagi milliy-madaniy markazlarning badiiy jamoalari, shu bilan birga shahar va tumanlar madaniyat bo‘limlari qoshida faoliyat ko‘rsatayotgan turli millatlar qo‘shiq va raqs dastalarining chiqishlari, o‘zbeklar bilan yonma-yon turib, vatanimiz ravnaqi va istiqlolimizni mustahkamlash yo‘lida sidqi dildan mehnat qilayotgan ayni chog‘da, shu halol mehnatlari evaziga elda katta obro‘-e’tiborga sazovor bo‘lib, baxtli hayot kechirayotgan turli millat vakillarining shukronalik va minnatdorchilik tuyg‘ulari bilan to‘lib-toshgan dil so‘zlari millati, dini, irqi va boshqa belgilaridan kat’iy nazar istiqlol ne’matlaridan barchaning barobar bahramand bo‘layotganligining, ular ham mustaqillik tufayli yaratilgan keng imkoniyatlar va teng sharoitlardan foydalanib, ozodlik nashidasini surayotganligining yorqin ifodasi sifatida namoyon bo‘ldi. Shuni alohida quvonch va iftixor bilan qayd etish mumkinki, millatlararo totuvlik va o‘zaro hamjihatlik ruhida o‘tayotgan ushbu bayram tadbirlari ko‘p millatli xalqimiz baxtiyor hayotining yana bir namoyishiga aylandi.
Munojotxon Nurmatova,
O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi