Namanganda yosh tadbirkor va fermerlar bilan ochiq muloqot o‘tkazildi
09.08.2017
BUNDAY YURTNI QAYDAN TOPASAN…
10.08.2017

O‘zbekiston Prezidenti Osiyo infratuzilma investitsiyalari banki prezidentini qabul qildi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 8-avgust kuni mamlakatimizga amaliy tashrif bilan kelgan Osiyo infratuzilma investitsiyalari banki prezidenti Szin Litsyunni qabul qildi.

Davlatimiz rahbari mehmonni Osiyo qit’asida zamonaviy va ishonchli infratuzilmani shakllantirishga ko‘maklashadigan yangi xalqaro moliya instituti bo‘lgan ushbu bank o‘z amaliy faoliyatini muvaffaqiyatli boshlagani bilan samimiy tabrikladi.

2015-yilda tashkil etilgan va bosh qarorgohi Pekinda joylashgan Osiyo infratuzilma investitsiyalari banki dunyoning turli mamlakatlarida 17 investitsiya loyihalarini moliyalashtirishda faol qatnashmoqda.

Mamlakatimiz 2016-yilning noyabr oyida bankni ta’sis etish to‘g‘risidagi bitim doirasida davlatning ichki tartib-taomillarini bajardi va ushbu xalqaro moliya institutining teng huquqli a’zosi bo‘ldi.

Uchrashuv chog‘ida O‘zbekiston Respublikasida umumiy qiymati 2,7 milliard dollar bo‘lgan istiqbolli loyihalarni – suv xo‘jaligi obyektlarini modernizatsiya qilish, energetika infratuzilmasini rivojlantirish, zamonaviy avtomobil yo‘llari qurish, temir yo‘llarni elektrlashtirish va poytaxt metropoliteni tarmog‘ini kengaytirish va boshqa loyihalarni amalga oshirishga doir o‘zaro manfaatli hamkorlikni rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.

Qo‘shma loyihalarni amalga oshirishga xususiy investitsiyalarni to‘g‘ridan-to‘g‘ri jalb qilish mexanizmini yaratish bo‘yicha hamkorlik imkoniyatlari mavjudligi alohida ta’kidlandi.

Osiyo infratuzilma investitsiyalari banki prezidenti Szin Litsyun Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevga samimiy qabul va o‘zaro manfaatli sheriklik munosabatlarini rivojlantirishni qo‘llab-quvvatlagani uchun minnatdorlik izhor etdi. Bank O‘zbekiston bilan uzoq muddatli va keng ko‘lamli hamkorlik qilishga tayyor ekanini alohida ta’kidladi.

Manba: www.uza.uz