Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan do`stlik aloqalarini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to`g`risida
22.05.2017
Taniqli shoir, yozuvchi, jurnalist va jamoat arbobi Nasriddin Misriddinovich Muhammadiyev vafot etdi
10.07.2017

Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan do`stlik aloqalari yanada mustahkamlanadi

Poytaxtimizda  Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O`zbekiston Liberal-demokratik partiyasi Siyosiy Kengash Ijroiya qo`mitasi hamda mamlakatimizda faoliyat yuritayotgan milliy madaniy markazlar bilan hamkorlikda davra suhbati tashkil etildi.

Tadbir O`zbekiston Respublikasi Prezidentining «Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan do`stlik aloqalarini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to`g`risida»gi farmonini o`rganish, farmon ijrosini ta’minlashda O`zLiDePning o`rni va rolini muhokama qilishga bag`ishlandi.

Ravshan Oxunov, O`zLiDeP Siyosiy Kengash Ijroiya qo`mitasi a’zosi:

– Prezidentimizning «Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan do`stlik aloqalarini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to`g`risida»gi farmoni O`zLiDeP saylovoldi dasturi bilan uzviy bog`liq ekanligini alohida e’tirof etish joiz. Partiya saylovoldi dasturida erkin fuqarolik jamiyatini shakllantirish, mamlakatimizda tinchlik va barqarorlik, millatlararo va fuqarolararo totuvlikni ta’minlash masalalarini jamiyat qurilishining eng muhim maqsadlari sifatida belgilagan. Shu munosabat bilan partiya o`z faoliyatida mamlakatimizda hukm surayotgan millatlararo totuvlik va diniy bag`rikenglik muhitini saqlash masalalariga alohida e’tibor qaratib kelmoqda.

Shu nuqtai nazardan aytish mumkinki, mazkur farmonni hayotga tatbiq etishda O`zLiDeP va uning hududiy bo`linmalari milliy madaniy markazlar faoliyatini sifat jihatidan yangi bosqichga ko`tarish, O`zbekistonning xalqaro nufuzini yuksaltirish, mamlakatimizda demokratik huquqiy davlat va kuchli fuqarolik jamiyatini barpo etish borasida amalga oshirilayotgan islohotlar to`g`risidagi axborotni keng jamoatchilikka yetkazishga munosib hissa qo`shadi.

Vladimir Boyko, Ukrain milliy-madaniy markazi raisi:

-Bag`rikenglik o`zbek millati mentalitetiga xos xislat. Bir misol, Ikkinchi jahon urushi yillarida o`zbek xalqi 1.5 milliondan ortiq evakuatsiya qilingan insonlarni o`z bag`riga, oilasiga qabul qilib, aynan insonparvarlik, mehmondo`stlik, xalqparvarlik, ijtimoiy kelib chiqishidan qat’iy nazar insonlarga bo`lgan hurmat-ehtiromni amalda to`liq ko`rsata bildi.

Bugun O`zbekistonda 130 dan ortiq millat va elat vakillari bir oila bo`lib, hamjihatlikda yashayaptilar. Ukrain milliy markazi faollari nomidan ishonch bilan aytamanki, bugun bizga bu yerda to`laqonli yashash va mehnat qilish uchun yaratilgan imkoniyatlarni bizlar boshqa joydan topishimiz mushkul. Ayniqsa, O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev bizlarga qaratayotgan e’tiborini e’tirof etmaslikni iloji yo`q. Milliy markazlar uchun ajratilgan yangi bino, Do`stlik bog`i va boshqalar buning bir namunasidir.

Mazkur farmon ham jamiyatda bag`rikenglik va insonparvarlik madaniyatini yuksaltirish, millatlararo va konfessiyalararo hamjihatlikni, shuningdek, xorijiy mamlakatlar bilan do`stona, teng huquqli va o`zaro manfaatli munosabatlarni mustahkamlash yo`lida tashlangan juda katta qadam bo`ldi.

Farmon asosida yangi tashkil etilgan O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan do`stlik aloqalari qo`mitasining tuzilishi ushbu masalalarga bundan keyin davlat darajasida ahamiyat qaratilishini bildiradi. Albatta, bu millatlararo totuvlik va diniy bag`rikenglik muhitini saqlash, xorijiy mamlakatlar bilan madaniy-ma’rifiy aloqalarni kengaytirish masalalarida yangi sifat bosqichiga ko`tarilganligini anglatadi.

Tatyana Alimxodjayeva, O`zbekiston Respublikasi Rus madaniy markazi a’zosi:

-O`zbekiston bilan Rossiya o`rtasidagi hamkorlik mustahkam huquqiy asosga ega. Davlatlarimiz uchun madaniy-gumanitar hamkorlik, ta’lim, ilm-fan, sport va turizm sohalaridagi ikki tomonlama aloqalar ham muhim ahamiyat kasb etadi. Mamlakatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyevning shu yil 4-5 aprel kunlarida Rossiyaga qilgan davlat tashrifi ikki tomonlama munosabatlarni mutlaqo yangi darajaga olib chiqdi. Ayni paytda o`zaro hamkorlikning ifodasi sifatida yurtimizda G. Plexanov nomidagi Rossiya iqtisodiyot akademiyasi, M. Lomonosov nomidagi Moskva davlat universiteti hamda I. Gubkin nomidagi Rossiya davlat neft va gaz universitetining filiallari muvaffaqiyatli faoliyat yuritib kelayotir. Qabul qilingan mazkur farmon mamlakatimizda faoliyat ko`rsatayotgan barcha milliy madaniy markazlar faoliyatini yanada kuchaytiradi, xalqlar o`rtasidagi do`stlikni, birodarlikni mustahkamlashda butunlay yangi ruh bag`ishlaydi.

Rustam Ibragimov, Respublika Turk milliy-madaniy markazi a’zosi:

-Bugungi kunda 27 millat vakillari tomonidan tashkil etilgan 138 milliy madaniy markaz va 34 do`stlik jamiyatlari mamlakatimiz rivojiga munosib hissalarini qo`shib kelmoqda. Prezidentimizning mazkur farmoni asosida yangi tashkil etilgan O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan do`stlik aloqalari Qo`mitasi millatlararo totuvlik va hamjihatlik tomoyillari qaror topishiga yo`naltirilgan ijtimoiy tashabbuslarni rag`batlantirish millatlararo munosabatlarni rivojlantirish bilan shug`ullanadi. Yoshlarni milliy va umuminsoniy qadriyatlar ruhida tarbiyalash, ularni ajdodlardan avlodlarga o`tib kelayotgan milliy qadriyatlar, an’ana va urf-odatlarni saqlash hamda rivojlantirishda yanada kengroq muhit yaratadi. Mazkur farmon milliy madaniy markazlar uchun keng imkoniyatlar yaratish barobarida milliy markazlarning ishlarini sifat jihatdan yangi pog`onaga ko`tarishiga ishonamiz.

Viktor Pak, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati, O`zbekiston Koreys madaniyat markazlar uyushmasi raisi:

-O`zbek va koreys millatlari orasida azaldan hamohang an’analar, birodarlik, mehru muhabbat bor, xalqlarining madaniyati, mentaliteti o`xshash. Vatanparvarlik, mehnatsevarlik, bag`rikenglik, mehr-oqibat, kattaga hurmat, kichikka izzat, sabr-matonat kabi fazilatlar ularga birdek xosdir. Ayni chog`da taqdir taqozosi bilan bir paytlar yurtimizga kelib qolgan 200 mingga yaqin koreyslar o`zbeklar bilan do`st-birodar bo`lib yashamoqda, tinch-totuv hayot kechirmoqda. Koreys millatiga mansub vatandoshlarimiz O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi va Senatida, mahalliy Kengashlarda, boshqaruv organlarda, iqtisodiy-ijtimoiy hayotning barcha sohalarida faoliyat yuritmoqda. Men ham ular safida ekanligimdan behad mamnunman. Bugun davlatlar orasida o`zaro hamkorlik kuchayib borayotgan bir paytda Prezidentimiz tomonidan imzolangan mazkur farmon, mamlakatlar bilan do`stona munosabatlarni, chet eldagi hamyurtlarimiz va turdosh tashkilotlar bilan aloqalarni yanada mustahkamlashda dasturilamaldir.